Wednesday, March 19, 2014

Birinchi muhabbat


    Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Men o’zim Xadichani ko’rmagan bo’lsam-da, Rasululloh (s.a.v.)ni ul ayoldan rashk qilganchalik bironta xotinlaridan rashk qilgan emasman. Chunki, ul zot Xadichani ko’p eslab hamda tez-tez qo’y so’yib, go’shtini uning dugonalariga yuborib turar edilar. Men ul zotga: “Siz uchun guyo dunyoda Xadichadan bo’lak ayol yo’qdek!” - dedim. Ul zot: “Darhaqiqat Xadicha (fozila) erdi, (oqila) erdi [6], undan mening farzandim bo’lgan  erdi”, - dedilar”. («Sahih» al-Buxoriy, № 3818).
Oisha roziyallohu anhoning rasululloh solallohu alayhi vasallamni Xadicha roziyallohu anhodan bunchalik rashk qilishi tabiiy. Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: «Sizga eng suyumli inson kim?» deb so'ralganda «Oisha», deb javob berdilar. «Erkaklardan-chi?», deyilganda «Uning otasi», deb javob berdilar. «Undan keyin-chi?», deb so'ralganda «Umar ibn Xattob», degandilar (Buxoriy: №3662).
 Rasulullohning o'n bitta ayoli bo'lgan ularni ichidan eng suyuklirog'i Oisha roziyallohu anho edi bunga qaramay Oisha roziyallohu anho Xadicha roziyallohu anhodan bunchalik rashk qilishining sababi birinchi marta yuz bergan narsalar tufaylidir.
Rasululloh solallohu alayhi vasallamning o'n bitta ayoli bo'lgan bo'lsa ularning eng birinchisi Xadicha roziyallohu anho bo'ladi. U kishi rasululloh solallohu alayhi vasallamga tanishgan kunidan boshlab to so'nggi nafasigacha hizmat qilib, yordam berib u kishini yonida suyanchiq bo'lib turgan. Albatta rasululloh bunday mehr-muhabbatni birinchi marta onamiz Xadicha roziyallohu anhodan ko'rgan, birinchi marta iliqlik sezgan, ishongan, hayotning bir bo'lagi bo'lgan. Oisha roziyallohu anho eng suyukligi bo'lsa, Xadicha roziyallohu anhoning o'rni baribir bo'lak edi bunga dalil tepadagi hadis va Nurul Yaqindagi "Rasululloh Xadichani ko'p eslar edilar, birinchilar qatori imon keltirgan bu pokiza zotning fazilatlarini chuqur qayg'u va jon o'rtaguvchi anduh bilan yodga olardilar, muslima ayollarga ibrat qilardilar. Sarvari olam Ibrohimdan boshqa bolalarining hammasini Xadichadan topgan edilar," bu so'zlar ikkinchi misol.
Rasululloh solallohu alayhi vasallam uchun ham birinchi marta bo'lgan narsalar edi bular. Qanday qilib unutish mumkin ilk daf'a sodir bo'lgan voqealarni, his-tuyg'ularni?!
Oisha roziyallohu anho bu hadisida aytganidek u kishi vafot etgan ayolni ko'p eslar ekan. Hayot bo'lgan insoni eslamay bo'ladimi?! Hatto insonlarning eng mukallami rasululloh birinchi ayolni bu darajada eslab, ardoqlasa ha siz nima degan gapsiz u kishining oldida?! Sevmarsiz, u bilan yaqin emasdirsiz ammo o'sha ko'ngilning qayeridadir uni eslaysiz, undan xavotir olasiz, vaqti kelsa uni eslab kulasiz, ham yig'laysiz. Birinchi muhabbat mana shunaqa u inson uchun yashamarsiz ammo u inson bilan bo'lmasangiz ham uni hech unutolmaysiz...
    Birinchi muhabbatini unutganlar qanchayu,  ko'nglining tub-tubida yashirib kelganlar qancha?! Birinchi muhabbat shunday narsa uni unutish oson emas. Osongina unutganlar uchun u birinchi muhabbat emas. Birinchi muhabbat avvalo birinchisi, keyingilarga o'xshamas. Birinchi marta boshidan kechirgan, o'y-hayollar, shirin orzular armon bo'lib qolgan bo'lsa ham ular birinchi marta bo'lgani, birinchisi bo'lgani uchun ham birinchi muhabbatni unutish mushkul ish.  Umri davomida o'ziga yaqin bo'lganlarga ishonib, ulardan xavotir olib, ularga bo'lgan his-tuyg'ulari yaqini bo'lgan insonlari uchun edi. Vaqti kelib hayotiga kirib kelgan yetti yot begona insonga bo'lgan ishonch, unga qarshi his-tuyg'ular, qizg'onish, xavotir olishlar birinchi marta begonaga bo'lgani uchun ham birinchi muhabbatni unutish qiyin. Bularning barchasi birinchi marta sezilarli bo'lgan, insonni birinchi marta boshidan kechirgan, o'ziga moyil bo'lolmay tuygan his tuyg'ulari. Shu sabablik ham birinchi muhabbat unutilmaydi!



Saturday, November 30, 2013

Aqsomiz qutqaring!

1969-yilda Isroil askarlari quddusdagi Masjid-ul-Aqsoda katta bir yong'in chiqarishgan. Isroilning o'sha paytdagi Bosh vaziri Golda Mayer shu kechani shunday eslagan edi: "Shu kecha men: "Endi musulmonlar bizga to'rt tarafdan hujum qilishlari aniq",-degan hayolda ertalabgacha uxlay olmay chiqdim. Chunki Masjid-ul-Aqso musulmonlar uchun Ka'badan keyingi bir muqaddas joydir. Lekin ertalab turib qarasam, hamma yoq tinch, sokin, hech qanday hujum boshlanmagan edi. Ana o'shanda men: "BIZ, YAHUDIYLAR MUSULMONLARGA QARSHI ISTAGANIMIZNI QILA OLAR EKANMIZ, CHUNKI MUSULMON UMMATI UYQUGA KETIB BO'LIBDI",-degan fikrga keldim"

Bugun yahudiylar qo'lida qamchi 
Ajab, botil diniga shuncha qilishsa! 
Musulmon erkaklar, bir bor qarangchi, 
Haq islom diniga qani dastakchi? 

Soadat asri hech yolg'on emasku, 
Jang-jadallar faqat ertakdamasku?!
Sahobalar turganda jonlarin tikib, 
Nega sizlar turmaysiz shularga qarshi?!

Mus'abdek jon fido qilmasangiz ham, 
Hamza yo Xoliddek bo'lmasangiz ham
Siz ham musulmonku, sizda nima kam?!
Arslondek jang qiling, aslo chekmay g'am!

Aqsomiz qutqaring nopok yahuddan, 
Vaxshiy-u zolimdan, nonko'r juhuddan! 
Faqat boring olg'a, qo'rqmay manqurtdan 
Nursat talab qiling, sizni qo'llasin Egam!





Saturday, August 10, 2013

SABR



Aslida to‘rttagina harfdan tashkil topgan ushbu so‘z juda katta ma’nolarga ega.

Sabr haqida gapirsak gap ko‘p, lekin sabr haqida sabr qilganlargina yaxshi bilishadi. Sabr qilganda ham haqiqiy sabr qiluvchilar sabrning nima ekanligini sizu bizdan ko‘ra yaxshiroq anglashadi.

Aytishga oson, ammo boshiga musibat tushganda sabr qilish qanchalik qiyinligini sinalgan bandalar bilishadi, sabr qilganlar bilishadi.
Allohdan madad so‘rab, umid qilib, sabr qilganlar bilishadi.

Alloh taolo o‘z kitobida bunday marhamat qiladi:
"Ey mo‘minlar, sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir!"  (Baqara surasi, 153-oyat). 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘zining hadisi shariflaridan birida bunday deydi:
"Biror kishiga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va ulkanroq ne’mat berilmagan".
(Muttafaqun alayh)

Oyning o‘n beshi qorong‘u, o‘n beshi yorug‘.

Hozir qorong‘u kunlaridamisiz?
Sabr qiling, hali yana o‘n besh kuni bor; InshaAlloh yorug‘ kunlarga yetishasiz. O‘shanda chekkan aziyatlarni, boshingizdan o‘tgan tashvish, sinovlarni eslab, kulasiz,alhamdulillah deysiz.
Alloh Taolo Oli Imron surasining 200-oyatida bunday marhamat qiladi:
"Ey mo‘minlar, sabr qilinglar va sabru toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘linglar".

Sabr qilib, kofirlardan ustun bo‘ling. Sinovlarda bardoshli bo‘ling.
Alloh taolo hech bir bandasiga sabr-toqatidan ortiq musibat ham, yoki kuch yetmaydigan qiyinchilik-sinov ham bermaydi. Bunga dalil Baqara surasidagi 286-oyat:
"Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif (mukallaf) qilmaydi".

Shunday ekan, biror bir musibat yetsa, “Endi nima qilaman, bundan qanday o‘tib olaman, kimdan yordam so‘rayman, oqibatim nima bo‘ladi, buni ko‘tarolmayman” kabi turli-tuman savol va hadiklar bilan vaqtni boy bermasdan, Allohdan madad so‘rab, Unga shodlikda ham, musibat vaqtlarida ham yaqin bo‘lib turmoq lozim.

Alloh sinovlarni bejizga bermaydi. Fir’avnga musibat bermadi, turli tuman sinovlarga yo‘liqtirmadi, ammo unga bundan battar musibat yetkazdi, bir eslang.

Va yana ahli ilmlar aytganidek:

"Alloh kimni jannat uchun yaratgan bo‘lsa, uning boshi ko‘rguliklardan chiqmaydi".

Jannat yo‘lida bo‘lsangiz, jannat ming mashaqqatga arziydi, albatta. Ham, Jannat yo‘li tekis emas, u yo‘lda oyog‘ingizga bir tikon kiradi, bir zirava kiradi va yana qanchadan qancha mashaqqatlari bo‘ladi.

Bu yo‘lda yurgan Rasululloh solallohu alayhi vasallamning sahobalarini eslang! Ular dini, suyukli Rasuli va Alloh uchun nimalardan voz kechishmadi, qanchalar sinovlardan o‘tishmadi?! Ularning hammasi sabr qilishdi. Allohdan madad so‘rashdi.

Hatto payg‘ambarlarga ham sinovlar berilgan.

Misol tariqasida Ibrohim alayhis salomni eslang. Suyukli farzandini Allohning amri bilan qurbon qilmoqchi bo‘lganida, Alloh uning sabri va Allohga bo‘lgan vafodorligi uchun Ibrohimga o‘g‘lini qaytarib berdi.

Eng mashhur dunyodagi go‘zal va hamma biladigan Yusuf alayhis salom qissasini eslang... U zotning sabri-chi? U zotning otasi (Ya’qub alayhis salom)ning sabri-chi?

Faqatgina menga musibat kelyapti, deb homtama bo‘lmang. Sizdan avvalgilarga ham, sizdan keyingilarga ham atalgan sinovlar bisyor.

Haqiqiy musibat, bu – din yo‘lidagi musibatdir. Undan boshqalari esa ofiyat; ofiyat sababli esa bandalarning darajalari yuksaladi, gunohlari kechiriladi.

Alloh yuborgan musibat, tashvish, sinovlarga sabr qilgan bandalariga hushxabar sifatida Zumar surasidagi 10-oyat nozil qilingan:
“Shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qilguvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz, to‘la-to‘kis qilib berilur”.

Qarang, Allohning madadi bilan sabr qilib, najot so‘rab, qanday chiroyli ajru savobga ega bo‘lishibdi...

"Faqat iymon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘l)ni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina (bundan mustasnodirlar, ziyonga uchramaydilar)".
(Asr surasi, 3-oyat).

Sabr qiling, bardoshli bo‘ling. Hursandchilikda ham, qayg‘u g‘amda ham Allohga yaqin bo‘ling, Unga ibodat qiling, ze’ro U doim eshitadi. Va o‘shanda (qayg‘ulik paytingizda chaqirmasangiz ham) Alloh o‘zi sizga yordam beradi.

Sabr haqidagi kichkina so‘zlarimning oxirini ushbu chiroyli hadis, duo bilan tugatishni ma’qul ko‘rdim:
Imom Muslim, Termiziy, Nasaiy va Abu Dovudlar
Ummu Salama (r.anho)dan rivoyat qiladilar:
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning "Qaysiki bandaga musibat etganida "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un" desa va so‘ngra "Allohumma, ajirniy fiy musiybatiy, vaxluf liy xoyron minha" (Allohim, menga musibatimda ajr bergin va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin) desa, albatta, Alloh unga ajr beradi va unga buning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi", deganlarini eshitdim.

Alloh Taolo barchamizni sabrlilardan qilsin va doimo biz bilan bo‘lsin. Ze’ro U: “Albatta Alloh sabrlilar bilan birgadir”, deya marhamat qilgan Robbimizdir.