Friday, June 26, 2015

Turmush qurigan insoningizni o'zgartirishingiz Yasribni Madinaga aylantirishga o'xshaydi.

Alloh taolo O'z kitobida bizlarni juft-juft qilib yaratgani haqida xabar berib aytadi: "Va sizlarni juft bilan yaratdik". (Naba surasi 8-oyat)
Biz juftlarimizni qandayligini bilmaymiz to ularni tanimagunimizcha. Bizdagi burch- ular haqida yaxshi gumonda bo'lib, ularga loyiq juft bo'lishga harakat qilib yashashlikdir!
Ularni tanigan paytimizda ular biz uchun Yasrib bo'ladi, biz u bilan yashash davomida uni  odamlar havas qiladigan, tasannolar aytadigan Madinaga aylantiramiz.
Uylanayotgan qizingiz/turmush qurayotgan insoningiz siz uchun Yasrib. Siz uni Madinaga aylantirasiz. Hech kim uchun Madina tayyor turmaydi!
Siz uni insho etasiz, qurasiz. Vaqtingizni, harakatingizni, umidingizni berasiz. Eng avvalo tavakkal qilasiz! Alloh taolo Taloq surasining 4-oyatida: "Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning ishida osonlik qilib berur" deb aytadi. Yasribni Madinaga aylantirish yo'lida albatta har xil muommolarga duch kelasiz. Siz bunday paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima qilganlarini bilib u kishi aytganidek qilishga harakat qiling. Chunki; Alloh taolo Azhob surasining 21-oyatida: "(Ey mo'minlar) sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor bo'lgan hamda Allohni ko'p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg'ambari (iymon- e'tiqodi va xulqi atvori)da go'zal ibrat bordir" deb aytgan.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa; "Sizlarning yaxshilaringiz o'z oilasiga yaxshi muomala qiladiganlaringizdir. Men esa sizlarning orangizdagi o'z oilasiga eng yaxshi muomala qiluvchi kishiman" deganlar. (Abdulloh ibn Amr rodiyallohu anhudan, Ibn Moja rivoyati).
Uylanayotgan qizingiz/turmush qurayotgan insoningiz Yasribga o'xshaydi.  Uni siz yoqtirmagan kamchiliklari, xatolari bo'ladi. U bilan birga yashash davomida uni kamchiliklarini to'ldirasiz, u sizni kamchiliklaringizni to'ldiradi. Siz benuqson ayolni/erkakni orzu qilasiz, lekin Alloh taolo sizlarni bir-birlaringizni to'ldirish uchun yaratgan, birga yashab sizlar bir-biringizni to'ldirasiz.  Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam:"Kim bir yaxshilikka yo'llasa, unga o'sha yaxshi ishni qiluvchining ajricha ajr bordir"deganlar (Imom Muslim, Abu Ma'sud al-Ansoriy rodiyallohu anhudan rivoyat qilgan) Siz uni o'zgarishiga sabab bo'lasiz, u o'zgarganida, uni o'zgargani sizga bu dunyoda ham, oxiratda ham foyda olib keladi. Siz uni yaxshillikka boshlaysiz, yomonlikdan qaytarasiz, unga nisbatan kechirimli, rahmdil bo'lasiz. Unga nisbatan sabrli bo'lasiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta g'alaba sabr bilan birgadir,"deb aytganlar." (Imom Muslim, Ibn Abbos rodiyallohu anhudan rivoyat qilgan).  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yasribga borib u yerda o'n yil yashab Yasribni Madinaga aylantirgan. Siz bir kunda Yasirbizni Madinaga aylantiraman deb homtama bo'lmang. Mashaqqatlar bilan kelgan narsani qadri baland bo'ladi. Sizni sarf etgan vaqtingiz, say-harakatingiz inshaalloh yaxshi shaklda mukofotlanadi. Alloh taolo aytadi:" Kim biron chiroyli amal qilsa, unga o'n barobar qilib qaytarilur," (An'om surasi, 160-oyat).
Yasribni Madinaga aylantirishingiz keyinchalik farzandlaringiz uchun ham bergan tarbiya, say-harakatingiz bo'ladi, ze'ro bola ota-onadan ko'rib, ulardan o'rnak olib ulg'ayadi!

"Ey Alloh. Rahmatingni ayolim orqali menga va men orqali ayolimga bergin. Bir birimizni yaxshilikda jamlagin," (ibn Mas'ud rivoyati).

Gapim so'nggida Alloh taolodan erkaklarimizni yaxshilardan bo'lishini, ayollarimizni eri unga qaraganda xursand qiluvchi, eri biron ishga buyursa unga itoat qiluvchi ayollardan qilishini so'rab qolaman!
Yasrib-turmush qurishdan avvalgi erkak/ayolning holati. Madina-turmushdan keyin o'zgargan erkak/ayolning holati!